Kontent qismiga oʻtish

Qiymat

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Qiymat – 1) tovar narxi; 2) pulning xarid qobiliyati, muayyan bozor narxlari darajasida pul birligi hisobiga sotib olish mumkin boʻlgan tovarlar va xizmatlar miqdori; 3) ingliz klassik siyosiy iqtisodi (Adam Smith, David Ricardo), shuningdek, marksizm (Karl Marx)ning iqtisodiy kategoriyasi, tovar ishlab chiqaruvchilarning tovarda gavdalangan va unda moddiylashgan ijtimoiy mehnati. Qiymatning mehnat nazariyasiga koʻra, qiymat tovar ishlab chiqarish negizini tashkil etadi, kapital harakati va rivojlanishining jami qonunlarini belgilab beradi. Qiymat nazariyasi uch elementni oʻz ichiga oladi: a) qiymat asosida ijtimoiy mehnat turadi; b) qiymat meʼyorini zaruriy mehnat sarflari tashkil etadi; v) ayirboshlash qiymat asosida yuz beradi. Tovar qiymatining meʼyori uni ishlab chiqarish uchun zarur boʻlgan ijtimoiy zaruriy mehnat miqdori bilan belgilanadi, ijtimoiy normal sharoitda mamlakat boʻyicha oʻrtacha mehnat mahorati va intensivligi darajasida tovar ishlab chiqarish uchun ketadigan ijtimoiy zaruriy ish vaqti bilan oʻlchanadi. Ijtimoiy zaruriy ish vaqti ishlab chiqarishning mavjud ijtimoiy meʼyordagi sharoitida va shu jamiyatda mehnat mahorati va jadalligining oʻrtacha darajasida biron isteʼmol qiymatini yaratish uchun talab qilinadigan ish vaqtidir. Tovar qiymati meyori uni tayyorlashga ketgan mehnat miqdoriga toʻgʻri proporsional, mehnat unumdorligiga esa teskari proporsionaldir. Bozor munosabatlarining rivojlanishi bilan narxlarning tarkib topishi takomillashib, ular borgan sari tovarga sarflangan ijtimoiy zaruriy mehnat xarajatlariga yaqinlashadi. Lekin ular oʻrtasidagi farq ayrim tovar turlariga nisbatan talab va taklif, bozor konʼyukturasini hisobga olgan holda saqlanib qoladi (qarang: Klassik siyosiy iqtisod maktablari).

Aralash iqtisodiyot sharoitlarida (20-asr) iqtisodiy nazariyalarda naflilik tobora muhim ahamiyat kasb etdi, bu esa hozirgi ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarning klassik kapitalizmga nisbatan tubdan farq qilishini koʻrsatadi.