Kontent qismiga oʻtish

Dorussalom

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Dorussalom

Dorussalom (arab.— Tinchlik uyi) — Tanzaniyadagi shahar, Sohilboʻyi viloyatining maʼmuriy markazi. Axolisi 1,7 mln. kishi (1998). Mamlakatning iqtisodiy, siyosiy va madaniy markazi. Iqlimi subekvatorial, oʻrtacha harorati avgustda 23°, yanvarda 28°. Yiliga 1500 mm yogʻin yogʻadi.

D. 1862 yilda Zanzibar sultoni tomonidan baliqchilarning Mzizima qishlogʻi oʻrnida bunyod etilgan. 1887 yilda Germaniyaning Sharqiy Afrika kompaniyasi tomonidan bosib olingan. 1891 yildan Germaniya Sharqiy Afrikasi maʼmuriy markazi. 1919 yilda ingliz qoʻshinlari tomonidan egallandi. 1919—61 yillarda Angliyaning Tanganika mustamlakasi maʼmuriy markazi, 1961 yildan mustaqil Tanganika davlatining , 1964 yildan 1993 yilgacha Tanzaniya davlati poytaxti. 1993 yildan poytaxt Dodoma sh.ga koʻchirildi.

D.mamlakatning Hind okeani sohilidagi eng yirik porti. Avtomobil va temir yoʻl tuguni. Aeroporti xalqaro ahamiyatga ega. Neftni qayta ishlash, sement, tayyor qismlardan avtomobil yigʻish, toʻqimachilik, elektrotexnika, oziq-ovqat (goʻsht-konserva, tamaki, un tortish), poyabzal va b. sanoat korxonalari bor. Mebel, metall idishlar, lok va boʻyoqlar ishlab chiqariladi. Kemasozlik rivojlangan. Baliq ovlanadi. D.dan Zambiyaga neft quvuri oʻtkazilgan. Universitet, botanika bogʻi, tarix-etnografiya muzeyi bor. Shahar yaqinida 13-asrda qurilgan masjid qoldiqlari saqlangan.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil