Kontent qismiga oʻtish

Alkimyo

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Alkimyo – 1) kimyo fanining arabcha nomi; 2) hozirgi kimyoning ibtidosi. Alkimyoning rivojlanishida uch davr farq qilinadi: 1-davr – II-VI asrlar, ikkinchi davr – XII-XIV asrlar va uchinchi davr – XV-XVII asrlar. Bu davrlarda Misr, Xitoy, As-suriya, Movarounnahr va Hindistonda hamda Yevropada A.ning asosiy masalasi „past va noraso“ metallarni oltin va kumushga aylantirishdan iborat boʻlgan. Olimlar metallarni bir-biriga qorishtirib oltin va kumush qotishmalarini tayyorlashgan. 8-asr oxiri va 9-asr boshlariga kelib qishloq xoʻjaligi, konchilik va hunarmandchilik ishlari birmuncha rivoj topdi. Bu esa oʻz navbatida tabiiy fanlarning rivojlanishiga imkon berdi. Konchilik, kunchilik, shisha va qogʻoz tayyorlash ishlari kimyo ilmining rivojiga taʼsir koʻrsatdi. Sohaning yetuk olimlari yetishib chiqdi. Shulardan biri oʻrta asr kimyogarlarining ustozi Jobir ibn Xayyom (721-813) metallarning vujudga kelishi nazariyasini ishlab chiqdi. Olimning fikricha, yer ostida ikki xil buglanish amalga oshib, birinchisi nam, ikkinchisi yer moddasidan koʻtariladigan quruq bugʻ boʻlib, tutundan iborat. Nam bugʻdan simob, quruq tutundan oltingugurt hosil boʻladi. Oʻsha paytda maʼlum boʻlgan mis, qoʻrgʻoshin, qalay va rux „noraso“ metallar qatoriga kiritilgan. Oltin bilan kumush tarkibi toza boʻlib, qolganlari aralashmalardan tashkil topgan degan fikrlar bildirilgan. „Noraso“ metallarni „takomillashtirish“ va „tuzatish“ orqali oltin va kumushga aylantirish mumkin degan gʻoya ilgari surilgan. Bu murakkab vazifani amalga oshirish uchun ana shu metallarga iksirdan ozgina qoʻshish kifoya qiladi deb oʻylaganlar. Jobir ibn Xayyom har qanday taxmin aniq maʼlumotlar bilan tasdiqlangandagina qabul qilinishi mumkin deb yozgan. Kimyoda faqat tajribalarga suyanib ish koʻrish kerakligini ham taʼkidlaganligi maʼlum. Oʻrta asrlarda sharqning ikkinchi bir kimyogari Ar-Roziy Aristotel fikrlariga toʻzatish kiritdi. Uning fikricha, metallar murakkab moddalar boʻlib, oʻziga xos xossa va xususiyatlarga ega. U koʻplab tajribalar oʻtkazdi. Ar-Roziy oʻzining 200 dan ortiq ilmiy ishlarida, shu jumladan kimyoga oid mashhur „Sirlar kitobi“ asarida oʻsha davr kimyosida qoʻllangan barcha moddalar, asbob-anjomlar va tadbirlarni mufassal bayon etdi. Roziy ham, Jobir singari, iksir yordamida bir metallni ikkinchi metallga aylantirish mumkin deb oʻylardi; bundan tashqari, metallarni turli nisbatda bir-biriga qoʻshish orqali ham oltinga oʻxshash metall hosil qilish ustida koʻp tajribalar oʻtkazdi. Biroq Roziy shu usudda tayyorlangan metallar koʻrinish jihatidan oltinga oʻxshasada, hali ular yuqori sifatli oltin emas deb taʼkidladi. Buning isboti uchun u oʻsha qotishmalarni oʻz tarkibiy qismlariga ajratdi. Xorazmlik ikki olim – Abu Abdullo Muhammad ibn Yusuf Kotibiy Xorazmiy va Abdulhakim ibn Abdulmalik al-Kosiy ham kimyo tarixiga katta hissa qoʻshdilar. Oʻrta Osiyoda, umuman, Sharqda kimyo fanining taraqqiyotida buyuk tabib va faylasuf Abu Ali ibn Sinoning roli ham nihoyatda katta. Ibn Sino kimyogarlarning oddiy metallarni oltinga aylantirish toʻgʻrisidagi fikrlariga keskin qarshi chiqdi. Metallarning paydo boʻlishi masalasida u ham Jobir nazariyasiga oʻxshash nazariyani ilgari surdi; ammo Ibn Sinoning fikricha, oʻsha davrda maʼlum boʻlgan har qaysi metall oʻzicha alohida bir moddadir (biror yagona metallning turi emas). Bir metallni ikkinchisiga aylantirish uchun uning tarkibiy qismlari (oltingugurt, simob va boshqa aralashmalar) orasidagi nisbatni oʻzgartirish kerak. Vaholanki biz bu nisbatning qanday ekanligini bilmaymiz, demak, uni oʻzgartirishga qodir emasmiz, deydi Ibn Sino. Ibn Sinoning metallar murakkab tarkibli moddalar ekanligi haqidagi fikri fandan uzoq boʻlsa ham, uning oddiy metallarni iksir yordamida oltinga aylantirish mumkin degan nazariyaga qarshi chiqib yozgan mulohazalari oʻrta asr Alkimyosining ilmiy kimyoga oʻsib oʻtishida katta rol oʻynadi. Oʻrta asr kimyogarlari oddiy metallarni oltinga aylantirish haqidagi oʻz nazariyalarini amalga oshirish yoʻlida koʻp kuch va vaqt sarfladilar. Natijada ular turli moddalar va asboblarni kashf etdilarki, bularning koʻp qismi hozirgi kimyo ilmida keng qoʻllanadi. Alkimyo sohasida oʻtkazilgan tadqiqotlar tufayli metallurgiyani rivojlantirishga, keramika, shisha, millionlab tonna nitrat kislota ishlab chiqarishga, gazmollarni boʻyash ishlarini maromiga yetkazishga, novshadil, kinovardan simobni ajratib olish va boshqa ishlarni amalga oshirishga muvaffaq boʻlindi. Amalgama (oltin suvini yuritish) kabi muhim ishlar ham alkimyogarlar xizmatining samarasidir. Ad.: Karimov U. I., Neizvestnoye sochineniye Abu Bakra ar-Razi „Kniga tayni tayn“, T., 1957; Kazakov B., Prevraheniye elementov, M., 1977; Rabinovich V. L., Alximiya kak fenomen srednevekovoy kulturi, M., 1979.Qudrat Axmerov.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil