Kontent qismiga oʻtish

Sistit

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Sistit (yunoncha: qovuq) — qovuqning yallig‘lanishi. Qovuqqa turli infeksiyalar tushishi oqibatida ro‘y beradi. Paydo bo‘lishiga ko‘ra, birlamchi va ikkilamchi; kelib chiqishi boʻyicha spetsifik (soʻzak, sil sistiti) va nospetsifik sistit farqlanadi. Kasallik oʻtkir va surunkali kechadi. Birlamchi sistit boshqa aʼzolardagi infeksiya yuqori siydik yoʻllari yoki uretradan qon va limfa yoʻllari orqali qovuqqa oʻtishi natijasida paydo boʻladi. Bunga, shuningdek, sovuqqotish, spirtli ichimlik ichish, qabziyat, nerv-psixikaning buzilishi ham sabab boʻladi. Ayollarda sistit aksari homiladorlik yoki tugʻruqdan keyingi davrda kuzatiladi. Ikkilamchi sistit (koʻpincha surunkali kechadi) qovuqda tosh, yot jismlar, oʻsma boʻlganda, qovuq sili, prostata bezining oʻsmasi oqibatida yuzaga keladi. Shuningdek, baʼzi dorilar, zaharli moddalar ichilganda ham sistit kuzatilishi mumkin.

Sistitda bemor tez-tez (har 10—15 minutda) siyadi, siyganda ogʻriq sezadi, ogʻriq ayniqsa, siygisi qistaganda va siygandan keyin kuchayadi, lovullash, achishish, baʼzan siydikda qon va yiring paydo boʻladi. Yalligʻlanish qoʻshni aʼzolarga o‘tganda (piyelonefrit, uretrit va boshqalar) tana harorati koʻtariladi. Oʻtkir sistitning oldi olinmasa surunkali tus oladi. Kasallikni aniqlashda siydik tahlili, sistoskopiya, sistografiya, ultratovush tekshiruvlari oʻtkaziladi. Davosi: bemorning umumiy ahvoli va kasallik belgilariga qarab olib boriladi (ogʻriq qoldiruvchi dorilar, antibiotiklar, koʻp suyuqlik ichish, vanna, fiziomuolajalar buyuriladi).