Kontent qismiga oʻtish

Logopediya

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Logopediya (logos va yunoncha. Paideia – tarbiyalash, oʻqitish) – pedogogika fani tarmogʻi; nutqdagi kamchiliklar (duduqlanish, til rivojlanmaganligi, oʻqish va yozuvdagi nuqson va boshqalar) sabablari, ularning oldini olish, tuzatish yoʻllarini hamda nutq faoliyati buzilishi mexanizmlari, alomatlarini maxsus taʼlim va tarbiya vositasida oʻrganadi.

Logopediya fani tarixi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Nutqdagi nuqsonlarni tuzatish masalalari dastlab XVII asrda Yevropa mamlakatlarida surdopedagogikaga oid ilmiy ishlarda tatbiq etila boshlagan. XIX asr 2-yarmidan bu sohaga mustaqil ravishda, ammo tibbiyot nuqtai nazaridan yondashildi. Asta-sekin nutq faoliyatining tabiati haqidagi ilmiy tasavvur kengaya borib, Logopediya yoʻnalishi tubdan oʻzgardi, pedagogik mazmun birinchi oʻringa qoʻyiladigan boʻldi. XX asrga kelib Logopediya mustaqil fan sifatida shakllandi, uning maqsad va vazifalari, metodik asos va tamoyillari, boshqa fanlar bilan aloqasi masalalari ishlab chiqildi. Zamonaviy logopediya maktabgacha yoshdagi bolalar logopediyasi, maktab yoshidagi bolalar Logopediyasi, oʻsmirlar va katta yoshdagilar logopediyasiga boʻlinadi.

Fanning maqsadi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Logopediyaning asosiy maqsadi nutqida nuqsoni bor shaxslarni oʻqitish, tarbiyalash va qayta tarbiyalashning ilmiy asoslangan tizimini ishlab chiqish, shuningdek, nutq nuqsonining oldini olishdan iboratdir. Logopediya fan sifatida katta nazariy va amaliy ahamiyatga ega boʻlib, u tilning, nutqning ijtimoiy mohiyati, bolaning talaffuzi, leksik-grammatik tuzumi, tafakkuri va butun ruhiy faoliyati uzviy bogʻliqligi bilan belgilanadi.

Logopediyaning asosiy vazifalari; nutq buzilishining turli shakllarida nutq faoliyati ontogenezini oʻrganish, nutq buzilishlarining keng tarqalgani, kelib chiqish sabablari, mexanizmlari, tuzilishi, alomatlari va darajalarini aniqlash; nutqiy faoliyati buzilgan bolalarning oʻz-oʻzidan va biror maqsadga qaratilgan rivojlanish dinamikasini, shuningdek, nutqiy zaiflikni ularning shaxs sifatida yetishuviga, ruhiy rivojlanishiga, turli koʻrinishdagi faoliyatlarini namoyon qilishga, oʻzlarini tutishlariga taʼsirini aniqlash; rivojlanishda turli xil farqlar boʻlgan bolalarda (eshitish, koʻrish, fikrlash qobiliyati hamda tayanch-harakat apparatining buzilishi hollarida) nutqning shakllanishi va buzilishlari xususiyatlarini oʻrganish; nutq buzilishlarining pedagogik diagnostikasi metodlarini ishlab chiqish; nutq buzilishlarini tartibga solish; nutq buzilishini bartaraf etish tamoyillari, differensiyalashgan metod va vositalarini ishlab chiqish; nutq buzilishining oldini olish metodlarini takomillashtirish; logopedik yordamni tashkil etish masalalarini ishlab chiqish. Logopediyaning yuqorida koʻrsatilgan vazifalarida uning nazariy va amaliy yoʻnalishlari belgilab berilgan.

Logopediya nazariy yoʻnalishi nutqdagi buzilishlarni oʻrganish, uning sabablarini aniqlash, oldini olish va tuzatishning ilmiy asoslangan metodlarini ishlab chiqish, amaliy yoʻnalishi esa ana shu metodlarni tezroq tatbiq etib, mazkur nuqsonlar va ularni keltirib chiqaradigan sabablarni bartaraf etishdan iborat. Logopediyaning nazariy va amaliy vazifalari bir-biri bilan chambarchas bogʻliqdir.

Logopedlar maʼlum qilishicha, nutqdagi kamchiliklarning paydo boʻlishi, tabiati, inson ruhiyatiga taʼsiri turlicha boʻladi. Masalan Alaliya, Afaziya, Duduqlanish, Dizartriya kabi nutq nuqsonlari bilish jarayonini, atrofdagi kishilar bilan muomalani qiyinlashtiradi. Bu narsa bolaning faoliyatida, yurish-turishida aks etadi. Ogʻir nutqiy buzilishlar esa insonning aqliy rivojlanishiga, ayniqsa, oliy bilish faoliyati darajalariga, shaxsning shakllanishiga taʼsir etadi, uning harakteridagi tortinchoqlik, qatʼiyatsizlik, odamovilik, nomukammallik tuygʻusi kabi salbiy xususiyatlarni keltirib chiqaradi. Logopediyaning ahamiyati bolaning nutqidagi nuqsonlarni bartaraf etib, uning har tomonlama barkamol rivojlanishini taʼminlashdan iborat.

Logopediya nutq buzilishini oʻrganish va tuzatishda nutq bilan fikrning oʻzaro bogʻliqligi haqidagi, bola rivojlanishida umumiy va maxsus qonuniyatlarning oʻzaro munosabati toʻgʻrisidagi nazariy qoidalarga, nutq va faoliyatning hamohang rivojlanishi hamda ruhiy kamolotga erishishning harakatlantiruvchi kuchlari haqidagi nazariyaga tayanadi. Logopediya umumiy anatomiya va fiziologiya, nutq mexanizmlari, nutq jarayonining bosh miyada sodir boʻlishi haqidagi, nutq faoliyatida ishtirok etadigan analizatorlarning tuzilishi va harakatga kelishi toʻgʻrisidagi bilimlardan foydalanadi. Nutqdagi nuqsonlarning alomatlarini, ularning etiologiyasi, mexanizmlari, nutq faoliyati buzilishi tarkibida nutqiy alomat bilan nutqsiz alomatning munosabatini bilish uchun logopediya boshqa fanlar bilan boʻgʻliq holda oʻrganiladi: tilshunoslik, otorinolaringologiya, psixolingvistika, umumiy va maxsus psixologiya, psixodiagnostika, nevropatologiya, psixopatologiya, oligofreniya klinikasi, pediatriya bilan uzviy aloqada ishlaydi. Nutq va eshitish aʼzolarining patologiyasi nutqdagi buzilish etiologiyasini aniqlashdan tashqari tibbiy taʼsir vositasida boʻladigan logopedik ishlarni toʻgʻri qoʻshib olib borish uchun ham imkon beradi. Oʻzbekistonda yordamchi maktablar, bolalar poliklinikalari, bolalar bogʻchalari va boshqa muassasalarda logopedik yordam koʻrsatiladi. Asosiysi, nutqida nuqsoni bor bolalar uchun alohida bogʻchalar, maxsus maktablar mavjud.