Konsul
Bu maqolada ichki havolalar juda kam. |
Konsul (lot. consul — maslahatchi) — 1) Qad. Rimda ilk respublika davrida vujudga kelgan oliy mansabdor shaxs. Konsullar 2 kishidan iborat tartibda dastlab 1 yillik muddatga faqat patritsiylar tomonidan saylangan. Mil.av 367 yildan soʻng K.dan biri plebeylar orasidan saylangan. K. xalq yigʻinlari va senatni chaqirgan. Alohida hollarda senat K.ga cheksiz xuquqlar bergan. K. imperiya davrida oʻz amaliy ahamiyatini yoʻqotib, faxriy unvonga aylangan; 2) oʻrta asr Shimoliy va Markaziy Italiya shaharlaridagi oliy mansabdor shaxs. 8-asrning 1-yarmida K. fuqarolar tomonidan, asosan, 1 yilga 4— 12 kishidan iborat tarkibda saylanib, oliy ijroiya, maʼmuriy, moliyaviy, sud va qisman qonun chiqaruvchi hokimiyatga egalik qilgan va shahar patritsiylari manfaatini ifoda etgan; 3) bir davlatning boshqa davlat hududida oʻz mamlakati, uning yuridik shaxslari va fuqarolari manfaatlarini himoya qilish, 2 davlat orasida siyosiy, iqtisodiy, ilmiy va madaniy aloqalarni rivojlantirishga yordam berish uchun tayinlanadigan mansabdor shaxs. K.ning tayinlanishida uni qabul qiluvchi davlatning aniq roziligi talab etiladi. K. qabul qiluvchi davlatning qonunlari, odat va anʼanalarini buzmasligi lozim. K.ning faoliyati uni yuboruvchi davlat elchixonasi tomonidan nazorat etiladi. K.lik toifalari K.larning oʻz xizmat darajadari bilan bogʻliq unvonlari boʻlib, ularning 4 xili mavjud: Bosh K., K., Vitse-K. va K.lik agentlari. K.lik toifalarini berish, yuboruvchi davlatning ichki ishi hisoblanadi va shu davlatning qonunlari bilan tartibga solinadi. 1963-yilda BMT doirasida "K.lik aloqalari haqida" Vena Konvensiyasi ishlab chiqilgan, 1994-yil 6-mayda Oʻzbekiston Respublikasi ushbu Konvensiyaga qoʻshilgan. Oʻzbekiston, shuningdek, bir qator davlatlar bilan K.lik bitimlari tuzgan va ularda K.lik vakolatxonalari va boshqa mansabdor shaxslar faoliyat doirasi, huquq, imtiyoz va immunitetlari belgilangan. 1996-yil 29 avgustda Oʻzbekiston Respublikasi Konsullik ustavi qabul qilindi, unda K.lik muassasalarining ishini tashqil etish, shu ishlarni bajarish tartibi K.lik mansabdor shaxslar tomonidan belgilab berildi.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |