Kontent qismiga oʻtish

Tezaurus

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Tezaurus (yunoncha, thesauros — xazina, boylik) — 1) muayyan tildagi barcha soʻzlarni qamrab oladigan, ularning matnda qoʻllanish holatlarini toʻlatoʻkis aks ettiradigan lugʻat. Jonli tilning lugʻat tarkibi doimo oʻzgarib turishi sababli T. faqat oʻlik tillar materiallari asosida yoki oldindan belgilab olingan yozma yedgorliklar uchun tuzilishi mumkin. Muayyan yozuv yodgorliklaridan leksikani yoppasiga terib olishga asoslangan lugʻatlar (mas., yunon, lotin tillariga tuzilgan lugʻatlar) shunday lugʻatlardan hisoblanadi. Turkiyshunoslikda A.K.Borovkov, E.I.Fozilov, A.Najiblarning 13—14-asrlar turkiy yozma yedgorliklari asosida tuzilgan lugʻatlari ham glossariy, ham T. belgilariga ega. Soʻz tanlash prinsipiga koʻra yozuvchilar yoki ular ijodiga mansub ayrim asar tili boʻyicha tuzilgan lugʻatlar ham T. hisoblanadi; 2) bironbir ilmfan sohasiga oid lugʻaviy birlik (soʻz)lar mavzu tartibida joylashtirilgan va ana shu birliklar oʻrtasidagi semantik (turjins, sinonimik va boshqalar) munosabatlar aks ettirilgan ideografik lugʻat. Bunda soʻzlar alifbo tartibida emas, balki bir mavzu, bir tushunchaga aloqador soʻzlarning barchasi bir joyda beriladi: kerakli soʻzlar tushunchaga qarab qidiriladi. Nazariy jihatdan T. leksika semantik tizimining ehtimoliy modellaridan biridir. Amadda undan yozuvchi individual lugʻatini boyitish vositasi sifatida foydalaniladi.