Kontent qismiga oʻtish

Ruboiy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Ruboiy (arab. — toʻrtlik) — Sharq xalqlari sheʼriyatida keng tarqalgan poetik janr. Tayin gʻoyaviybadiiy va shakliy shartlarga binoan yaratilgan 4 misradan iborat falsafiy, axloqiy, taʼlimiy yoki ishqiy mavzudagi sheʼr. Ruboiy hazaj baxrida (axram va axrab vaznlarida jami 24 ta) yoziladi. Boshqa bahrlarda yozilgan toʻrtliklar dubaytiy, kuylanadiganlari esa tarona deb ataladi. Ruboiy qofiyalanish tartibiga koʻra ikki xil boʻladi. Birinchi xil ruboiylarning 1—2—4misralari oʻzaro qofiyalanadi (a-a-b-a shaklida). Mas:Koʻpdin berikim yoru diyorim yoʻqtur, Bir lahzau bir nafas qarorim yoʻqtur. Keldim be sori oʻz ixtiyorim birla, Lekin borurimda ixtiyorim yoʻqtur.

Bobur. Ikkinchi xil ruboiyda toʻrtala misrasi ham qofiyalanadi (a-a-a-a shaklida).

Mas:Andin berikim qoshimda yorim yoʻqtur, Hijronda juz nolai zorim yoʻqtur. Dasht uzra quyun kabi qarorim yoʻqtur, Sargashtaligimda ixtiyorim yoʻqtur.

Navoiy. R.dagi 4 unsur 4 misrada aytilmoqchi boʻlgan fikrning toʻgʻri, badiiy yuksak, kompozitsion jihatdan pishiq boʻlishini taʼminlaydi. 1-misra —tezisda shoir aytmoqchi boʻlgan fikr oʻrtaga tashlanadi; 2-misra — antitezisda birinchisiga qarama-qarshi fikr aytiladi, birok, u tezisni isbotiga xizmat qiladi; 3-misra — moddai ruboiya 4-misrada aytilmoqchi boʻlgan xulosa uchun koʻprik vazifasini oʻtaydi; 4-misra — sintezda avvalgi 3 misradan gʻoyaviy xulosa chiqariladi, bu shoirning asosiy gʻoyasi hisoblanadi.

Ruboiy shaklidagi sheʼrlar xalq ogʻzaki ijodida paydo boʻlgan, namunalari "Devonu lugʻotit turk"da uchraydi. Dastlabki ruboiylarni Rudakiy va Shahidi Balxiy yaratgan. Badriddin alQavomiy (12-asr) arab, fors va turkiy tillarida R. yozgan. A. Runiy, S. Salmon, Ibn Sino, Umar Xayyom va boshqalar R.ning mohiyati va uslub jihatdan yuksak namunalarini ijod qilganlar. Navoiy ijodida esa yuqori bosqichga koʻtarilgan. Navoiy ruboiylarida hayotiy taassurot, ijtimoiy-siyosiy va falsafiyaxloqiy mulohazalar yuksak badiiy shaklda oʻz ifodasini topgan. Keyinroq Bobur bu janrni rivojlantirgan. 19-asrda Munis, Ogahiy, Komil Xorazmiy va boshqalar ruboiyning goʻzal namunalarini yaratganlar. Hozirgi davr oʻzbek adabiyotida Shayxzoda, Shuhrat, Ramz Bobojon, Tolib Yoʻldosh kabi shoirlar ruboiy yozganlar. Biroq ularning baʼzilari ruboiy vaznida yozilmaganligi uchun dubaytiy yoki toʻrtlik deb ataladi.

  • Orzibekov R., Lirikada kichik janrlar, T., 1976; Nos i rov O.,Jamolov S, Ziyoviddinov M., Oʻzbek klassik sheʼriyati janrlari, T., 1979; Haqqulov I., Oʻzbek adabiyotida ruboiy, T., 1981.

Begali Qosimov[1].

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil