Kontent qismiga oʻtish

Karser

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Karserning koʻrinishi. 1919-yil

Karser tashkilotlar — odamlar uzoq vaqtga tashqi dunyodan ajratib qoʻyilgan tashkilot. Masalan, qamoqxona, ruhiy shifoxona, kazarma, maktab-pansion.

Oʻrgangan olimlar

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Mishel Fuko, Irving Goffman kabi shaxslar uzoq muddatga tashqi dunyodan ajratiladigan tashkilotlarni oʻrganishga koʻp vaqt sarflagan. Bunday tashkilotlarda inson inkarseratsiya qilinadi, yaʼni tashqi ijtimoiy muhitdan ajratib olinadi. Goffman fikricha, qamoqxonalar, ruhiy shifoxonalar va boshqa karser tizimlari boshqa tashkilotlardan oʻzining „toʻla yopiq xarakteri“ bilan ajratiladi[1]. Fuko bu fikrga qoʻshiladi, lekin karser tashkilotlarini oʻrganish boshqa tashkilotlar qanday boshqarilishi masalasiga qanchalik oydinlik kiritishini koʻrsatishga harakat qiladi. Nazorat va intizom karser tashkilotlarida boshqa turdagi tashkilotlardan ancha avval qoʻllangan. Qamoqxona, ruhiy shifoxonalar va kazarmalar nazorat va intizom tabiatini juda aniq koʻrsatadi, chunki ularda yashovchilar xulqi ustidan oʻta qatʼiy nazorat olib boriladi. Aynan shuning uchun Fuko oʻz savoliga aniq javob beradi: „Qamoqxonalar zavod, maktab, kazarma va kasalxonalarga, ular esa oʻz navbatida qamoqxonalarga oʻxshashi ajoyib emasmi?“[2].

Paydo boʻlish tarixi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻrta asrlarda karser tashkilotlar ancha kam uchrar edi. Baʼzi joylarda qamoqxonalar boʻlgan, lekin juda oz va ular bir-biridan uzoqda joylashgan edi. Mahbuslar aniq muddatga qamoqqa olinmas edi, ular yo siyosiy muxolifatni bostirish maqsadida yoki sud qarori chiqquncha qamoqda saqlanar edi. Ruhiy kasallar jamoalarda yashar edi yoki yoki mamlakat boʻylab sargardon boʻlib yurar edilar. Ruhiy shifoxonalar yoki maxsus turar-joylar yoʻq edi.

Karser tashkilotlar XVIII asrning boshidagina paydo boʻldi. Oradan 100 yildan ortiq vaqt oʻtgandan soʻng qamoqxona va shifoxonalar odatiy holga aylandi. Qamoqxona va ruhiy ruhiy kasalxonalar „umumiy gospitallardan“ kelib chiqqan. U paytda gospital soʻzi shifoxona maʼnosida qoʻllanilmas edi. Aksincha, u daydilar, ruhiy kasallar saqlanadigan joyni ifodalar edi. Gospitallar unda yashovchilarning tuzalishiga yordam beradi, deb hisoblanar edi va koʻpincha ular arzon ish kuchi zarur boʻlgan joylarda joylashar edi.

Ruhiy kasallar uchun maxsus turar-joylar XVIII asr oxirida, avval Yevropada va keyinroq boshqa joylarda ham paydo boʻldi. Taxminan oʻsha paytda hozirgi maʼnodagi qamoqxonalar ham paydo boʻldi. Lekin ular avvalgi „gospitallardan“ ajrab chiqishiga yana bir muncha vaqt ketdi. Qamoqxona islohotchisi Jon Hovard 1781-yilda Berlin gospitaliga tashrifidan soʻng u „bekorchilar“, „bezori va axloqsizlar“, „kasallar va jinoyatchilar“, shuningdek „isqirt kampir va bolalar“ bilan toʻla, deb yozgan.

M. Fukoning fikricha, XIX asr oʻrtasida Bentam Iyeremiya tomonidan oʻylab chiqilgan „Panoptikon“ eski gospitallar va yangi qamoqxonalar oʻrtasidagi farqni aniq ifodalaydi. „Panoptikon“ deb Bentam oʻzi koʻp bora Britaniya hukumatiga sotishga uringan „ideal qamoqxona“ modelini atar edi. Bu loyiha toʻlaligicha amalga oshmadi, lekin uning asosiy tamoyillaridan baʼzilari XIX asrda AQSH, Britaniya va boshqa Yevropa davlatlarida qamoqxonalar qurishda qoʻllandi. Reja boʻyicha, „panoptikon“ yumaloq shaklda boʻlib, unda kameralar perimetr boʻylab joylashar edi. Oʻrtada kuzatish minorasi. Har bir kamerada ikki oyna boʻlib, ulardan biri kuzatish minorasiga, boshqasi tashqariga qarar edi. Kameralarning bunday joylashishi nazoratchilarga istalgan vaqtda mahbuslarni koʻrishga imkon berar edi. Minoradagi oynalar darparda bilan toʻsilar edi va ichidagi odamlar mahbuslarga koʻrinmas edi.

Panoptikon rejasi kam sonli mahbuslar va alohida shaxslar kameralar prinsipining tarqalishiga sabab boʻldi. Avvalgi mehribonlik uylarida koʻplab odamlar katta xonada uxlar va ishlar edi. Qamoqxonalarning meʼmoriy tuzilishi boshqa tashkilot binolarini rejalashtirishga bevosita taʼsir oʻtkazadi, masalan, baʼzi zavodlar avval qamoqxonalarning loyihasini tuzgan meʼmorlar tomonidan loyihalashtirilgan.

Hozirgi davrda

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Albatta, karser tashkilotlari hozirgi tashkilotlarning bir qismini tashkil etadi. Odamlar yo oʻz vaqtining bir qisminigina tashkilotda oʻtkazadilar yoki qisqa vaqtni toʻla tashkilotda, masalan, kasalxona ichida oʻtkazadilar[3].

  1. Erving Goffman. Asylums: Essays on the Social Situation of Mental Patients and Other Inmates. Garden City, N.Y. : Anchor Books, 1961. 
  2. Michel Foucault. Discipline and Punish: The Birth of the Prison. New York: Vintage Books, 1979. 
  3. Anthony Giddens. Sociology. Polity Press, 2006.