Kontent qismiga oʻtish

Jean-Bedel Bokassa

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jan Bedel Bokassa
fransuzcha: Jean-Bedel Bokassa

Bokassa Ruminiyaga davlat tashrifi bilan. 1970-yil
Fayl:Imperial Standard of Bokassa I (1976-1979).svg
 Markaziy Afrika imperiyasining imperatori
Fayl:Imperial Coat of arms of Central Africa (1976-1979).svg
 
Mansab davri
4-dekabr 1976-yil – 20-sentabr 1979-yil
Vorisi Jean-Bedel Bokassa
 Markaziy Afrika Respublikasi Prezidenti
 
Mansab davri
1-yanvar 1966-yil – 4-dekabr 1976-yil
Oʻtmishdoshi Devid Dako
Vorisi lavozim bekor qilindi;
Devid Dako
Shaxsiy maʼlumotlari
Tavalludi 22-fevral 1921-yil
Bobangi, Fransuz Ekvatorial Afrikasi
Vafoti 3-noyabr 1996-yil(1996-11-03)
(75 yoshda)
Siyosiy partiyasi QASEH
Turmush oʻrtogʻi 19 xotini; shulardan:
Yekaterina Dangiade
Gabriela Drimba(1975—1977)
Bolalari 40 gacha, shulardan shaxzoda Jan Bedel Bokassa

Jan Bedel Bokassa (fransuzcha: Jean-Bedel Bokassa), shuningdek yana Salohiddin Ahmad Bokassa (fransuzcha: Salah Eddine Ahmed Bokassa) va Bokassa I (22-fevral 1921 — 3-noyabr 1996) 1-yanvar 1966-yildan 4-dekabr 1976-yilgacha Markaziy Afrika Respublikasining prezidenti,4-dekabr 1976-yildan 20-sentabr 1979-yilgacha Markaziy Afrika Imperiyasining imperatori, marshal (19-may 1974). XX asrning eng vahshiy diktatorlaridan biri.[1]

Jan Bedel Bokassa 1921-yil 22-fevralda fransuz mustamlakasi poytaxti Bangi shahridan 80 kilometr janubi-gʻarbda joylashgan Lobae prefekturasida, Bobangi deb nomlangan katta qishloqda tugʻilgan. U mbaka qabilasi yashaydigan qishloq oqsoqoli oilasidagi 12 farzanddan biri edi (Markaziy Afrikaning mustamlakachilik davridagi koʻp amaldorlari mbaka qabilasidan chiqqan). Uning ismi katolik avliyosi Jan Batist de la Sallning qisqartirilgan nomidan olingan; Bokassa – mbaka tilida “kichik oʻrmon” degan ma’noni anglatadigan ism, keyinchalik familiya sifatida ishlatilgan. Olti yoshida u yetim qolgan. Fransuz mustamlakachilarining imtiyoz siyosatiga qarshi chiqqan otasi otib oʻldirilgan, onasi esa tez orada oʻz joniga qasd qilgan.[2]

Serjantdan polkovnikkacha

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Bokassa 1939-yil

Bokassa uni ruhoniy boʻlishga tayyorlagan qarindoshlari tomonidan tarbiyalandi. Biroq 1939-yilning may oyida Bokassa fransuz armiyasining mustamlaka qoʻshinlari safiga harbiy xizmatga kiradi. 1941-yil noyabrda u “Fransiya jangchilari” qoʻshinlarida katta serjant unvonini oldi. Brazzavilni qoʻlga olishda qatnashdi. 1944-yilda Fransiya janubiga Gitlerga qarshi koalitsiya qoʻshinlari tushirilishida, keyin esa Reyndagi janglarda qatnashdi. Bokassa Ikkinchi jahon urushi tugashini Normandiyada katta serjant unvonida kutib oldi[2].

1949-yilda u Sent-Luidagi (Senegal) ofitserlik maktabini tugatdi, 1950-yil sentyabrdan 1953-yil martgacha Hindi-Xitoy urushida qatnashdi. Harbiy xizmatlari uchun “Shon-sharaf legion” va “Lotaringiya xochi” ordenlari bilan mukofotlandi. Harbiy xizmatini Brazzavilda davom ettirdi va 1961-yilda Fransiya armiyasi kapitani unvonini oladi[2].

1962-yil yanvarda fransuz armiyasidan chiqib, Markaziy Afrika qurolli kuchlarga qoʻshildi va mayor unvonini oldi. Markaziy Afrika Respublikasi prezidenti, amakivachchasi David Dako keyingi yili Bokassani qurolli kuchlar shtab boshligʻi etib tayinladi. 1964-yilda unga polkovnik unvonini berdi.

Bokassa Nikolas Chaushesk bilan uchrashuvda 1972-yil

1965-yil 31-dekabri – 1966-yil 1-yanvarida Bokassa davlat toʻntarishini amalga oshirdi. Bu tarixda “Yangi yil toʻntarishi” yoki “Avliyo Silvestr kunidagi toʻntarish” nomlari bilan qoldi. Bokassa David Dakoni agʻdardi va qamoqqa tashladi. Bu fitnani aslida jandarmeriya boshligʻi tashkil qildi, ammo Bokassa uni zararsizlantirdi va fitnani oʻz foydasiga burdi.Bosh shtab boshligʻi oʻzini prezident va yagona siyosiy partiya – “Qora Afrikaning ijtimoiy evolyutsiya sari harakati” (fr. Mouvement pour l'évolution sociale de l’Afrique Noire, yoki MESAN) rahbari deb e’lon qildi. Partiyaga mamlakatning barcha katta yoshdagi aholisi a’zo edi. 4-yanvar kuni prezident Bokassa MAR konstitutsiyasini bekor qildi va diktatorlik boshqaruvini boshladi. 1972-yil 2-martda Bokassa oʻzini umrbod prezident deb e’lon qildi. 1969 va 1974-yillarda Bokassani davlat toʻntarishi bilan hokimiyatdan chetlatishga urinishlar muvaffaqiyatsiz boʻldi; 1976-yilda uning hayotiga suiqasd uyushtirildi. Ammo bu voqealar uning hokimiyatini mustahkamlashga asos yaratdi xolos. U pan-afrika harakatida qatnashdi. Xususan, 1968-yilda tarkibiga MAR, Kongo Demokratik Respublikasi va Chad kirgan Markaziy Afrika davlatlari ittifoqiga asos soldi. Bokassa qishloq xoʻjaligini va agrar islohotlarni qoʻllab-quvvatlash tarafdori edi. Tashqi siyosat yoʻnalishida sovet bloki, Gʻarb va qoʻshilmaslik harakatlari oʻrtasida ikkilanib turdi[2].

Koʻpchilik Bokassani ruhiy nosogʻlom deb hisoblagan va Ugandaning ekstsentrik diktatori Idi Amin bilan solishtirgan.

1970-yil iyun oyida Bokassa SSSRga rasmiy tashrif bilan keldi. Kremlning sobiq bosh shifokori E.A. Chazov Bokassa Moskvada davolanayotganida rus oshxonasiga oshiq boʻlganini va uyga sovet oshpazini olib ketishni soʻraganini eslaydi. Keyinroq oʻsha oshpaz prezident oshxonasida muzlatgichdan odam goʻshtini topib, dahshat bilan elchixonaga qochib ketgani haqidagi gaplar ham bor. Ba’zi ma’lumotlarga koʻra, Bokassa muxolifat yetakchilarini yegan. Bir marta hatto yashirin ravishda vazirlar mahkamasini uning a’zolaridan biri bilan oziqlantirgan.

1971-yilda Onalar kunini nishonlash doirasida Bokassa barcha mahbus ayollarni ozod qildi va ayol sha’niga qarshi jinoyatlarda ayblangan erkaklarni qatl qilishni buyurdi. 1976-yil 4-sentyabrda Liviya inqilobi yetakchisi Muammar Kaddafiyning respublikaga rasmiy tashrifi paytida Bokassa va bir qator hukumat a’zolari tegishli musulmoncha ismlarni olish bilan islomni qabul qildi. Bokassa nasroniycha ismi Jan Bedelni Salohiddin Ahmad deb oʻzgartirdi. Xuddi shu oyda Bokassa hukumatni tarqatib yubordi va uning oʻrniga Markaziy Afrika inqilobiy kengashini tashkil qildi[2].

1976-yil 4-dekabrda MESAN partiyasining favqulodda qurultoyida Markaziy Afrika Respublikasining nomi Markaziy Afrika Imperiyasi deb oʻzgartirilishi e’lon qilindi. Kongress imperator konstitutsiyasini qabul qildi. Unga binoan, imperator ijro etuvchi hokimiyat boshligʻi edi. Imperator toji meros deb e’lon qilinib, nasldan naslga oʻtuvchi qilib belgilandi. Xuddi shu oyda Bokassa katolik diniga qaytdi.

Uning toʻliq unvoni “Markaziy Afrika xalqlarining irodasi bilan MESAN milliy siyosiy partiyasiga birlashgan Markaziy Afrika imperatori” edi. Ikki yil oldin Efiopiya imperatori Xayle Selassiye I agʻdarilganidan beri Bokassa dunyoda hukmronlik qilayotgan uchta imperatordan biriga aylandi – qolgan ikkitasi Eron shahanshohi Muhammad Rizo Pahlaviy va yapon monarxi Xiroxito edi.

1977-yil 4-dekabrda yangi tashkil topgan Bokassalar sulolasining birinchi vakili boʻlgan imperator Bokassa I ning toj kiydirish marosimi boʻlib oʻtdi. Yevropaning eng yaxshi zargarlik firmalari ikki mingta olmos bilan bezatilgan toj yasadi. Uning qiymati 5 million dollarni tashkil etdi. Marosimga mamlakatning yillik eksport daromadining chorak qismi sarflandi. Bundan tashqari, ogʻirligi 2 tonna, leopard terisi bilan qoplangan, burgut shaklidagi oltin taxt yasatildi. Eng yaxshi xorijiy brendlarning 100 dan ortiq mashinasi va 130 ta oq ot sotib olindi. U marosimda kiygan poyabzal Ginnesning rekordlar kitobiga dunyodagi eng qimmat oyoq kiyim sifatida kiritilgan. Marosim yangi imperator oʻzining kumiri deb hisoblagan Napoleon Bonapartning toj kiyish marosimidan nusxa koʻchirilgan holda tashkillashtirilgan edi. Koronatsiyaga dunyo va Afrika davlatlari rahbarlari, shuningdek, Papa Pavel VI taklif qilingandi. Shubhasiz, unga Rim Papasi Piy VII ning roli tayyorlanayotgandi – bir vaqtlar Napoleon uning qoʻlidan tojni tortib olgan va oʻzi kiygandi. Ammo, va’da qilingan qimmatbaho sovgʻalarga qaramay, na Papa, na boshqa davlat rahbarlari Bangiga kelmadi. Fransiyadan esa hamkorlik vaziri, harbiy-dengiz orkestri va xavfsizlik batalyoni qatnashdi[2].

Koronatsiya va imperator saroyining gʻaroyib hashamati bilan mamlakat xalqining juda past turmush darajasi qarama-qarshi edi. 1977-yilda 43,4 ming aholiga bitta vrach toʻgʻri kelar va butun imperiya uchun atigi bitta tish shifokori bor edi.Imperiya konstitutsiyaviy hisoblanganiga qaramay, Bokassa diktaturasida hech qanday yumshash yoʻq edi. Muxolifatni hibsga olish, qiynoqqa solishda imperatorning shaxsan oʻzi qatnashardi. Bokassa rejimi 1974–1981-yillarda Fransiya prezidenti Valeri Jiskar d’Estenning qoʻllab-quvvatlashidan bahramand boʻldi, unga Bokassa foydali qazilma konlari, xususan, Fransiya yadro dasturi uchun zarur boʻlgan uran qazib olishda kerakli shart-sharoitlarni yaratib berdi. 1975-yilda Jiskar d’Esten Bokassani oʻzining doʻsti va hatto oila a’zosi deb e’lon qildi. U Markaziy Afrikaga bir necha bor ov qilish uchun bordi[2].

1979-yilda shafqatsiz bostirilgan muxolifat namoyishlaridan soʻng (xususan, hukumat tomonidan oʻrnatilgan qimmatbaho maktab formasiga qarshi maktab oʻquvchilarining norozilik namoyishlari; ularning 100 nafari oʻldirildi) Fransiya Bokassa rejimini qoʻllab-quvvatlay olmay qoldi. Shu bilan birga, monarxning kannibalizmi (odamxoʻrlik) haqidagi mish-mishlar keng tarqala boshladi. Bundan tashqari, Markaziy Afrika Liviya bilan yaqinlashish siyosatini rejalashtirayotgandi.

Liviyaga rasmiy tashrif bilan ketgan imperatorning mamlakatda yoʻqligida fransuz parashyutchilari ishtirokida 1979-yil 20-sentyabrda Bangida qonsiz toʻntarish boʻlib oʻtdi (“Barrakuda” operatsiyasi). David Dako qayta tiklangan respublikaning prezidenti boʻldi. Fransuz diplomati Jak Fokkar bu operatsiyani “Fransiyaning soʻnggi mustamlaka ekspeditsiyasi” deb atadi.

Bir necha hafta oʻtgach, fransuz satirik haftaligi “Kanar anshne”da Bokassa Jiskarning sadoqatni sotib olgan sovgʻalar (masalan, brilliantlar) ommaga e’lon qilindi. Iqtisodiy inqiroz sharoitida bularning barchasi prezidentning mashhurligiga hissa qoʻshmadi albatta. Natijada 1981-yilda u saylovda Fransua Mitteranga yutqazdi. Keyinchalik aniq boʻldiki, 1973-yilda Bokassa Genri Kissinjerga ham olmos bergan ekan. Bokassa surgunga amerikalik biznesmen Albert Joli toj uchun yasagan noyob olmoni ham olib ketgan edi. Ammo ma’lum boʻlishicha, Joli 500 ming dollardan ortiqqa sotgan tosh aslida 500 dollardan oshmaydigan past navli soxta tosh ekan. Joli siri ochilishining oldini olib, Bokassaga olmosni hech qachon sotmaslikni tavsiya qilgandi[2].

Surgun va hukm

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Bokassa Liviyadan Fil Suyagi qirgʻoqlariga yoʻl oldi, keyin Fransiyada, Parij yaqinidagi qasrda yashadi. Bu vaqt esa uning vatanida Bokassa ustidan sirtdan sud jarayoni boʻlib oʻtdi. Sud uni 1980-yil 25-dekabrda 13 ta jinoyatda (qotillik, odamxoʻrlik, davlat mablagʻini oʻzlashtirish, davlat mulkidan shaxsiy maqsadda noqonuniy foydalanish, jinsiy zoʻrlash va hokazo) aybdor deb topib, oʻlim va mol-mulkni musodara qilish hukmini chiqardi[2].

Daydi oʻgʻilning qaytishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

1986-yilda Bokassa hayotidagi eng gʻalati ishni amalga oshirdi: u xalq yana uni taxtga koʻtarishiga umid qilib, ixtiyoriy ravishda MARga qaytdi. Biroq u darhol hibsga olindi; yangi sud jarayoni boshlandi. Bokassaga xoinlik, qotillik, odamxoʻrlik va davlat mulkini oʻgʻirlash ayblovlari qoʻyildi. Bokassa oʻzini sudda faol himoya qildi va sudyalarni jabrlanuvchilarning jasadini yeganiga emas, ramziy maqsadlar uchun (“dushmanning jigari omad keltiradi”) muzlatgichda saqlaganiga ishontirishga muvaffaq boʻldi. U odamxoʻrlikda aybdor deb topilmagan boʻlsa ham, qolgan ayblovlar uni 1987-yil 12-iyunda yana oʻlimga hukm qilish uchun yetarli edi. Keyingi yili u avf etildi va hukm umrbod qamoq jazosiga, soʻngra 20 yillik qamoq jazosiga almashtirildi. 1993-yilda demokratik tizim tiklanganidan keyin mamlakatda umumiy amnistiya e’lon qilindi va Bokassa ozodlikka chiqdi[2].

Uch yildan soʻng – 1996-yil 3-noyabrda u infarktdan vafot etdi. Lekin eng qizigʻi uning oʻlimidan soʻng roʻy berdi. 2010-yil 1-dekabrda MAR prezidenti Fransua Bozize Jan Bedel Bokassani toʻliq reabilitatsiya qilish toʻgʻrisidagi farmonga imzo chekdi. Unga binoan, iste’foga chiqarilgan imperator barcha huquqlarda tiklandi. Bozize Bokassani “buyuk gumanist” va “buyuk quruvchi sifatida tan olingan millat oʻgʻli” deb atadi[2].