Kontent qismiga oʻtish

Doktor Moro oroli

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Doktor Moro oroli
Asl nomi The Island of Doctor Moreau
Muallif(lar) Gerbert Jorj Uells
Mamlakat Buyuk Britaniya
Til Ingliz tili
Janr(lar)i Ilmiy-fantastika
Nashr etilgan sanasi 1896-yil
Nashriyot Heinemann

Doktor Moro oroli (The Island of Doctor Moreau) ingliz yozuvchisi Gerbert Uellsning ilmiy-fantastik janrdagi romani bo'lib, u 1896-yilda yozilgan. Roman bosh qahramon Eduard Prendik tilidan hikoya qilinib, unda Prendik kema halokatiga uchrashi va sirli orolga tushib qolishi bilan bog'liq tafsilotlar keltiriladi. Mazkur sirli orolda o'zining noodatiy va g'ayri-insoniy tibbiy tajribalari bilan dong taratgan olim, doktor Moro qo'nim topgan bo'lib, u bu orolga tajribalari ustidan shikoyat qilgan hamshaharlari (London shahri jamoatchiligi) ta'qibidan qochib kelgan. Olim mazkur xilvat go'shada, begona ko'zlardan va ta'qiblardan holi ravishda turli hayvonlar ustida tajribalar o'tkazadi, ularni viviseksiya amaliyoti vositasida insoniy qiyofaga solishga kirishadi. Romanda bir qancha falsafiy mavzular, jumladan, azob, shafqatsizlik, axloqiy mas'uliyat, inson o'zligi hamda insonning tabiiy jarayonlarga aralashuvi kabilar mahorat bilan ochib berilgan.[1] Uellsning o'zi romanni "yoshlarcha shakkoklikka borish", deb ta'riflaydi.[2]

Doktor Moro oroli dastlabki ilmiy-fantastikaning yorqin namunasi bo'lib, Uellsning eng mashhur asarlari qatoridan o'rin olib kelmoqda. Mazkur roman ilmiy-fantastikada mavjud boʻlgan, nisbatan rivojlangan irq yoki turning hayvonlar tadrijiy rivojlanishi jarayoniga aralashishi va mazkur jarayonni tezlashtirishga urinish, hayvonlarni "bir pog'ona yuqori" rivojlanish bosqichiga olib chiqishni tasvirlovchi "madaniylashtirish" yoki "provolyutsiya" (qisqartma: frans. "évolution proactive") janrining eng dastlabki ko'rinishlaridan biridir.[3] Asar ko'plab kino va adabiy san'at namunalarining yaratilishiga ilhom manbasi vazifasini bajargan.[4]

Doktor Moro oroli biologiya ilmidan boxabar boʻlgan ingliz - Eduard Prendikning Janubiy tinch okeanida kema halokatiga uchrashining tafsilotlari yoritilgan asardir. Okeanda kema parchalariga ilinib, zo'rg'a tirik qolgan Prendikni yayindan o'tib ketayotgan kema - Ipekakuana qutqaradi va kemada yo'lovchi boʻlgan Montgomeri ismli shaxs uni parvarishlab, hushiga keltiradi.Prendik, shuningdek, Montgomerining yordamchisi, juda badbashara ko'rinishga ega boʻlgan M'ling ismli mahalliy aholi vakilini ham uchratadi. Kema Montgomeryga tegishli boʻlgan bir qancha hayvonlarni olib ketayotgan bo'ladi. Kema Montgomerining manzili hisoblanmish orolga yaqinlashishi bilan kapitan Prendikdan Montgomeriga qo'shilib, kemani tark etishini talab qiladi. Montgomery Prendikka uni orolda mehmon qila olmasligini, uni o'zi bilan olib keta olmasligini tushuntiradi. Shunga qaramasdan, kapitan Prendikni qayiqqa tushirib, o'zi kema bilan yo'liga ravona bo'ladi. Kapitan Prendikni tashlab ketganini ko'rgan va rahmi kelgan Montgomery borib uni qutqaradi. Kema hali jo'nab ketib ulgurmasdan, ular orolga yetib kelishadi va Prendik oroldagi yagona binolar kompleksining tashqi xonalaridan biriga joylashadi.

Orol Doktor Moroga tegishli bo'ladi. Moro ismini eshitishi bilan Prendik uni o'zining etni junjuktiradigan tajribalarining fosh bo'lishi bilan Angliani tashlab qochishga majbur boʻlgan Londonlik mashhur fiziolog ekanligini anglaydi.

Keyingi kuni, Moro bir pumani viviseksiya qilishni boshlaydi. Pendrik Moro yana bir hayvonning ustida o'zining og'riqli operatsiyasini boshlaganini anglaydi va hayvonning og'riqdan inglashlariga chiday olmagan Pendrik jungliga qochib ketadi. Jungli ichida kezib yurib, Pendrik cho'chqani eslatib yuboruvchi bir guruh odamlarga duch keladi. U o'zining xonasiga qaytib ketayotganda ortidan kimdir yoki nimadir ergashib kelayotganligini payqab qoladi. U talvasaga tushadi va qochadi, sharpa esa uni ta'qib qiladi. Sharpa Pendrikka yetay deb qolganda, u bir ilojini qilib, sharpani tosh bilan urib, behush qiladi va uni hayvon va odamning dahshatli chatismasi ekanligiga guvoh bo'ladi. Xonasiga qaytib, bu haqda Montgomeridan so'raganda, Montgomeri u bilan ochiqchasiga gaplashishdan o'zini olib qochadi. Ko'rgan-kechirganlariga izoh ola olmaganidan keyin, nihoyat Prendik taslim bo'ladi va uyqu dori ichib, uyquga ketadi.

Prendik keyingi kuni tongda o'tgan kundagi voqealar xotirasi bilan uyg'onadi. Moroning operatsiya xonasi eshigi qulflanmaganini ko'rgan Prendik u yerga kiradi va insonsimon ko'rinishga ega mavjudot butunlay bintlangan holda Moroning operatsiya stolida yotganini ko'radi. Xonaga bostirib kirishganidan talvasaga tushgan va g'azablangan Moro Prendikni o'z xonasiga uloqtirib yuboradi. Prendik Moro insonlarni viviseksiya qilishiga va o'zining yana bir viviseksiya tarjibasi uchun material ekanligiga ishonadi. U jungliga qochadi, u yerda Maymun-odamni uchratadi, Maymun-odam uni o'ziga o'xshagan yarim-odam/yarim-hayvon jonzotlar koloniyasiga boshlab boladi. Mazkur koloniyaning yetakchisi Qonunlarni so'zlovchi nomli nomalum kelib chiqishga ega ulkan kulrang mavjudot bo'lad va mazkur mavjudot Pendrikka Qonun deb ataluvchi, hayvonlarcha xulq-atvorni qoralovchi hamda Moroni olqishlovchi g'alati xirgoyilarni aytishga majbur qiladi.

To'rt oyoqlab yurmaymiz; bu Qonun. Odammiz axir!

Ichimlikni so'rmaymiz; bu Qonun. Odammiz axir!

Baliq yo go'sht yemaymiz; bu Qonun. Odammiz axir!

Daraxt po'stin yulmaymiz; bu Qonun. Odammiz axir!

G. Uells 1890-yillarda
G. Uells 1890-yillarda

O'zgalarni quvmaymiz; bu Qonun. Odammiz axir![1]

To'satdan, Moro Prendikni izlab koloniyaga bostirib kirib keladi, biroq Prendik yana jungliga qochib chiqib ketadi. Moroning tajriba quyonchasi bo'lishdan ko'ra o'limni afzal ko'rgan Prendik o'zini cho'ktirish uchun okean tomonga qochadi. Moro Prendikka u ko'rgan mavjudotlar odam emasligini, hech qachon odam bo'lmaganliklarini, shunchaki viviseksiya qilingan hayvonlar ekanligini tushuntiradi. Prendik xonasiga qaytadi va u yerda Moro o'n 11 yil davomida mazkur orolda boʻlganini va o'z oldiga hayvonni to'laligicha insonga aylantirishni maqsad qilib qo'yganligini tushuntiradi. Moro, shuningdek, mukammallikka ancha yaqinlashib qolgan bo'lsada, insonga aylantirilgan mavjudotlar o'zlarining oldingi hayvoniy shakllari va xulq-atvorlariga qaytish odatiga ega ekanligini ham ta'kidlab o'tadi. Moro o'zining hayvonlarga yetkazuvchi og'riqlari va azoblarini ilmiy tajribalar yo'lidagi ahamiyatsiz va muqarrar kamchiliklar deb hisoblashini aytadi. U shuningdek, og'riq chinakam ongli inson ega bo'lishi mumkin bo'lmagan, hayvoniy instinkt ekanligini ta'kidlaydi va shu yerning o'zida cho'ntagidan qalamtaroshini chiqarib, sovuq qurolni chap soniga sanchadi va hech qanday og'riq reaksiyasi bo'lmaganligini tananing ba'zi qismlari og'riqqa begona ekanligi bilan izohlaydi.

Bir kuni, Prendik va Montgomery chala g'ajilgan quyonga duch kelishadi. Go'sht yeyish va qon ichish kuchli ta'qiqlar hisoblanganligi sababli ham Doktor Moro Hayvonlar Majlisini chaqiradi va ularning orasida Leopard-odam (birinchi marta Prendik jungliga qochib ketganda uni ta'qib qilgan sharpa) Qonunni buzganligini payqab qoladi. Yanada og'riqliroq viviseksiya sessiyalari uchun Moroning laboratoriyasiga jo'natilishini bilgan Leopard-odam qochadi. Ta'qibchi guruh nihoyada uni jungli ichida o'rab olishadi, biroq Prendik unga rahmi kelib, azoblardan uni xalos etish uchun Leopard-odamni otib o'ldiradi. Prendik yana, garchi Leopard-odam suvni egilib, hayvonlarcha ichish, odamlarni (Prendikni) quvish, to'rt oyoqlab yugurish kabi bir necha qonunlarni buzgan bo'lsada, quyonlarning o'limiga faqagina uning javobgar emasligini ham anglaydi. Quyonlarning o'limida ikkinchi javobgar mavjudot - bu oroldagi xavfliligi bo'yicha ikkinchi o'rinda boʻlgan Shoqol-cho'chqa bo'ladi. Doktor Moro Prendikning Leopard-odamni o'ldirganidan g'azabga tushadi, ammo hech nima qila olmaydi.

Vaqt o'tishi bilan Prendik Hayvonlar xalqining badbasharaligiga ko'nika boradi. Lekin, bir kuni operatsiyasi hali tamomlanmagan Puma-ayol kishanlaridan bo'shalib laboratoriyadan qochib ketadi. Doktor Moro uni ta'qib qiladi va ikkisi bir biriga tashlanadi va bu har ikkisining ham o'limiga sabab bo'ladi. Montgomerining toqati toq bo'ladi va o'zining alkogolini Hayvonlar xalqi bilan baham ko'rishga qaror qiladi. Prendik qanday qilib bo'lsa ham tashlab ketishga qaror qiladi, lekin ozroq o'tib tashqarida shovqin-suron eshitiladi va bu shovqin-suronda Montgomeri, uning xizmatkori - M'ling va Qonunni Aytuvchi Qolgan hayvonlar bilan to'qnashuvda o'lganligini guvohi bo'ladi. Bir vaqtning o'zida, Prendikning lampani itarib yuborganligi natijasida binolar kompleksiga o't ketib, vayron bo'ladi. Xonalarda mavjud ozuqa zaxirasidan umidini uzgan Prendik Montgomerining oroldagi yagona qayiqni ham buzib tashlaganligiga guvoh bo'ladi. Moro va Montgomerining o'limidan keyin Prendik Hayvonlar xalqi bilan o'rmonda oylab istiqomat qiladi. Vaqt o'tishi bilan Hayvonlar xalqi yana o'zlarining oldingi hayvonlarcha turmush tarzlariga qaytishni va orolning quyonlarini ovlashni, to'rt oyoqlab yurishni, o'zlarining jamoaviy yashash huddlarini tashlab, yovvoyi o'rmonga ketib qolishni boshlashadi. Nihoyada Shoqol-cho'chqa Prendikning sodiq hamrohi, Senbernar-odamni o'ldiradi. Yalqov-mavjudot yordami bilan, Prendik o'zini himoya qilish paytida Shoqol-cho'chqani otib o'ldirishga muvaffaq bo'ladi.

Prendikning sol yasashga boʻlgan urinishlari muvaffaqqiyatsiz yakunlanadi. Uning baxtiga, ichida ikki murda boʻlgan qayiq qirg'oqqa oqib kelib qoladi (ehtimol Prendikni suvdan qutqarib olgan kema kapitani va bir matros).[5] Prendik qayiqqa o'tirib oroldan jo'nab ketadi va uch kundan keyin qutqarilib oladi. U o'z boshdan kechirganlari haqida so'zlab berganida uni aqldan ozganga chiqarishadi, shuning uchun ham u o'zini xotirasini yo'qotgandek tutadi.

Angliyaga qaytgan Prendik endi odamlar bilan bir joyda o'z xalovatini yo'qotadi, ularning barchasi hayvon holatiga qaytib o'tayotgandek tuyuladi. U Londondan ketadi va ovloq joyga borib kimyo hamda astronomiya bilan shug'ullana boshlaydi va bundan u anchagina taskin topadi.

  1. 1,0 1,1 Barnes & Noble. "The Island of Doctor Moreau: Original and Unabridged". Barnes & Noble.
  2. Preface to the Scientific Romances eds. Patrick Parrinder & Robert M. Philmus H. G. Wells's Literary Criticism (Sussex: The Harvester Press Limited, and New Jersey: Barnes & Noble Books, 1980), p. 243
  3. Booker, Keith M. (2014). Historical Dictionary of Science Fiction in Literature. Rowman & Littlefield. p. 311.
  4. https://www.telegraph.co.uk/culture/film/3643882/How-Hollywood-fell-for-a-British-visionary.html
  5. http://abbott-1001books.blogspot.com/2011/12/463-island-of-dr-moreau-hg-wells.html