Kontent qismiga oʻtish

Angola

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Angola Respublikasi
Republica de Angola
ShiorVirtus Unita Fortior
Madhiya: Angola Avante
Location of Angola
Poytaxt Luanda
Eng katta shahar poytaxti
Rasmiy til(lar) Portugal tili
Hukumat Prezidentlik respublikasi
• Prezident
José Eduardo dos Santos
Paulo Kassoma
Mustaqillik (Portugaliyadan)
• 
11-noyabr, 1975-yil
Maydon
• Butun
1,246,700 km2 (23-oʻrin)
• Suv (%)
ahamiyatsiz
Aholi
• 2014-yilgi roʻyxat
25,789,024[1] (50-oʻrin)
• Zichlik 20,69/km2
YIM (XQT) 2008-yil roʻyxati
• Butun
AQSh$105,078 mlrd.[2] (62-oʻrin)
• Jon boshiga
AQSh$6,251[2]
Pul birligi Kvanza (AOA)
Vaqt mintaqasi UTC+1
• Yoz (DST)
UTC+1
Qisqartma AO
Telefon prefiksi 244
Internet domeni .ao

Angola Respublikasi (por. República de Angola) — Afrikaning janubi-gʻarbidagi davlat. Atlantika okeani sohilida joylashgan. Maʼmuriy jihatdan 18 viloyatga boʻlingan. Maydoni 1246,7 ming km2, aholisi 18 498 000 kishi (2009). Poytaxti — Luanda shahri.

Davlat tuzumi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Angola — respublika. 1975-yilda qabul qilingan va 1991-yilda tuzatishlar kiritilgan konstitutsiyaga binoan Angola demokratik, huquqiy davlat, asosiy maqsadi — tinchlik, adolat va ijtimoiy taraqqiyot asosida erkin demokratik jamiyat qurishdan iborat. Davlat boshligʻi — 5 yil muddatga saylanadigan prezident. U yana uch muddatga qayta saylanish huquqiga ega. Qonun chiqaruvchi hokimiyat — 220 deputatdan iborat Milliy assambleya. Ijrochi hokimiyat bosh vazir boshchiligidagi hukumatdir. Uning tarkibini prezident tayinlaydi va Milliy assambleya tasdiqlaydi.

Benguela, Angola

Angola hududining koʻp qismi 1000 — 1500 m balandliqdagi yassi togʻlardan iborat. Gʻarbdagi Biye togʻ havzasining eng baland nuqtasi — 2610 m. li Moko choʻqqisi. Atlantika okeani sohili boʻylab torgina dengiz boʻyi pasttekisligi yastanib yotadi. Iqlimi tropik, qishda issiq, quruq, yozda nam. Eng issiq oydagi oʻrtacha harorat 21dan 29 °C gacha, eng sovuq oyda 15dan 22 °C gacha. Mamlakat ichkarisida yogʻingarchilik 500 — 1500 mm, sohilda 50 — 500 mm. Eng katta daryolari: Kvanza, Kunene, Kubango va Kongoning irmoqlari — Kasai, Kvango. Angola hududining bir qismidan Zambezi daryosi oqib oʻtadi. Daryolari koʻpostonali, gidroenergiya zaxiralari katta. Oʻsimliklari yilning quruq faslida barg tashlaydigan savanna tipli va tropik oʻrmonlardan iborat. Milliy bogʻlari: Portu-Aleshandri, Kameya, Kisama, Muna.

Oʻquvchilar sinfxonada, Angola
Luena, Moxiko Provinsiyasi

Aholining 96% ga yaqini bantu til oilasi xalqlari: mbundu, kongo, ovimbundu, lugazi va boshqalarga mansub. Portugallar ham yashaydi. Rasmiy tili — portugal tili. Aholining 90% mahalliy anʼanaviy dinga eʼtiqod qiladi; qolganlari — katoliklar. Aholining oʻrtacha zichligi — 1 km2 ga salkam 5 kishi. Aholining 28% shaharlarda yashaydi. Eng katta shaharlari: Luanda, Lobitu, Uambo.

Angola hududida 14-asrdan Kongo davlati, 15 — asrdan Ndongo, Lundo, Ben-gela, 17 — asrdan Matamba va Kasanje davlatlari mavjud boʻlgan. 1482-yilda Angolada portugallar paydo boʻldi. 16-asrda ular qal’alar, shu jumladan San-Paulu-di-Luanda qal’asini (1576) barpo etdilar; bu qal’a kelgusida mamlakatni mustamlakaga aylantirish markazi boʻldi. 17-asrda Ndongo va Matamba davlatlarining ayol hukmdori Zinga Mbandi Ngola portugal bosqinchilariga qarshilik koʻrsatish kurashiga boshchilik qildi. Uning vafotidan keyin Ndongo davlati portugal mustamlakachilarining zarbalari ostida parchalanib ketdi. Lundo davlati 19-asr oxirigacha mustaqilligini saqlab qoldi. Amalda Portugaliya Angolaning butun hududini 20-asrning 20-yillari boshlaridagina egallab oldi. 19-asr oʻrtalarigacha Angolada qul savdosi davom etdi (300 yil mo-baynida Angoladan salkam 5 mln. kishi olib ketildi). 1885 — 1899-yillarda Portugaliya, Belgiya, Germaniya va Bukj Britaniya oʻrtasida hozirgi Angola chegarasini belgilovchi bitimlar tuzildi. 1951-yilgacha Angola Portugaliyaning mustamlakasi maqomida boʻldi. 1951-yilda Portugaliyaning „dengiz orti viloyati“ deb eʼlon qilindi. Angola xalqi bosqinchilarga qarshi doimo kurashib keldi. 1961-yil Angolada boshlangan qurolli qoʻzgʻolon keyinchalik mustamlakachilarga qarshi umumxalq kurashiga aylanib ketdi. Unga uch siyosiy kuch: MPLA (Angola ozodligi xalq harakati), UNITA (Angolaning toʻla mustaqilligi uchun milliy ittifoq) va FNLA (Angola ozodligi milliy fronti) boshchilik qildi. 70-yillarga kelib bu tashkilotlar mamlakat sharqidagi va janubi-sharqidagi anchagina joylarni ozod qilishga erishdi. 1974-yilda Portugaliyadagi fashistlar diktaturasi agʻdarib tashlangach, demokratik hukumat Angola xalqining mustaqillikka boʻlgan huquqini tan oldi. 1975-yilda tuzilgan oʻtish hukumatiga MPLA, UNI-482TA, FNLA vakillari kirdi. Biroq guruhlar oʻrtasidagi ixtiloflar natijasida hukumatning faoliyati toʻxtab, mamlakatda fuqarolar urushi boshlandi. UNITA Janubiy Afrika Respublikasi (JAR)ning madadi bilan MPLAga qarshi kurashdi. MPLA esa Kubadan yordam soʻradi. 1988-yil mayda Angola, Kuba, JAR va AQSh oʻrtasidagi muzoqara yakunida imzolangan bitimga binoan Angoladan JAR va Kuba qoʻshinlari olib ketildi. Xalqaro hamjamiyatning kuch-gʻayratlari tufayli 1991-yil 31-mayda MPLA hukumati va UNITA vakillari imzolagan hujjatlarga binoan 1992-yil 29 — 30-sentabr kunlari Angolada BMT vakillari kuzatuvida parlament va prezident saylovlari boʻlib oʻtdi. Yangilangan konstitutsiya (1991-yil mart) koʻp partiyali demokratiya qoidasini mustahkamladi; 30dan ortiqroq partiya roʻyxatga olindi. Angola 1976-yildan BMT aʼzosi. Milliy bayrami — 11-noyabr — Mustaqillik eʼlon qilingan kun (1975).

Siyosiy partiyalari, kasaba uyushmalari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Angola ozodligi xalq harakati (MPLA) asosiy siyosiy kuch hisoblanadi. U 1956-yilda tuzilgan. Angolaning toʻla mustaqilligi uchun milliy ittifoq (UNITA) — soni va nufuzi jihatidan ikkinchi siyosiy kuch. Oʻzini tarixiy partiya deb hisoblovchi Angola ozodligi milliy fronti (FNLA) siyosiy maydonda alohida oʻrinni daʼvo qilmoqda.

Angola — iqtisodiy jihatdan sust rivojlangan mamlakat. Aholining 80% ga yaqini qishloq xoʻjaligida band. Uning iqtisodiy ahvoliga soʻnggi 15 yil mobaynida urush yetkazgan bevosita moddiy zarar salkam 20 mlrd. dollarni tashkil qildi. Tashqi iqtisodiy aloqa va tovar muomalasining asosiy hajmi gʻarb mamlakatlariga toʻgʻri keladi. Chetga chiqariladigan mahsulotining 90%dan koʻprogʻi (asosan neft) AQSh, Braziliya, Yevropa mamlakatlariga ketadi. 1985-yildan Angola Yevropa hamjamiyatining qoʻshib olingan aʼzosi. 1989-yilda Xalqaro valyuta fondi va Xalqaro taʼmirlash va taraqqiyot banki (XTTB)ga qabul qilingan.

Asosiy foydali qazilmalari: Neft, olmos, marganes, uran, oltin, kvars, marmar, mis va polimetall rudalar. Mamlakat yalpi ichki mahsulotining 56% neft va neft mahsulotlariga toʻgʻri keladi. Qurilish industriyasi rivojlanmoqda. Sement, shina zavodlari, toʻqimachilik fabrikalari, qishloq xoʻjalik xom ashyosini qayta ishlovchi (kofe, sholi oqlash, qand-shakar, baliq-konserva) korxonalari mavjud. Kofe, sizal, shakarqamish yetishtiriladi. Makkajoʻxori, oqjoʻxori, sholi, banan, batat ham katta oʻrin tutadi. Xurmo, arahis va tamaki tayyorlanadi. Qoramol, choʻchqa, echki boqiladi, ammo chorvachilik mamlakat ehtiyojini toʻla qondirmaydi. Dengiz baliqchiligi rivojlangan.

Temir yoʻllari — 3,3 ming km, avtomobil yoʻllari — 80 ming km, asfalt langan yoʻllari — 8,4 ming km. Dengiz portlari Lobitu, Luanda va Kabinda. Luandada xalqaro aeroport bor. Tashqi savdodagi asosiy mijozlari: Gʻarbiy Yevropa mamlakatlari, AQSh, Braziliya. Pul birligi — kvanza.

Ijtimoiy soha

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ilmiy va madaniy-maʼrifiy muassasalari. 1975-yil aholining 90% savodsiz boʻlgan. Mamlakat mustaqillikka erishgach, umumiy majburiy boshlangʻich taʼlim joriy etildi, pedagog kadrlar tayyorlash markazi tashkil qilindi. Luandada universitet (1963-yil tashkil etilgan), bir qancha ilmiy tadqiqot va ilmiy jamiyatlar, Milliy va Munitsipalitet kutubxonalari, tibbiyot tarixi va tarixiy-etnografik muzeylari bor.

Radioeshittirishn, telekoʻrsatuvi. „Jornal de Angola“, „Korreynoda Semana“ gazetalari, „Terra Angolana“, „Progressu“ jurnallari nashr etiladi. Davlat televideniyesi va radiosi portugal hamda mahalliy tillarda koʻrsatuv va eshittirish olib boradi. „Angola press“ (ANGOP) axborot agentligi mavjud.

Angolada bantu tillari oilasiga mansub kimbundu, umbundu va boshqa tillarda boy ogʻzaki adabiyot mavjud.

Yozma adabiyot asosan portugal tilida rivojlangan. Ilk davr (1855 — 1930)da kichik adabiy shakllar — sheʼr va feleton rivojlandi. Pedru Mashaduning „Afrika sahnalari“ va Antoniu di Asiz Juniorning „Marhumaning siri“ romanlari mashhur boʻldi. 1960-yilgacha mustamlakachilikni fosh qilish (Kash-tru Soromenyuning „Oʻlik yer“, 1949; „Burilish“, 1957) markaziy mavzu edi. Shundan keyingi davrda milliy ozodlik kurashi mavzui ustun boʻldi. Koʻpchilik yozuvchilar quvgʻinda boʻlganligi uchun Angola taraqqiyparvar adabiyoti asosan chet ellarda rivojlandi. Mundele Dia Kvanza, A. Neto, K. Andradi, M.di Anradi, L. Viyeyra kabi yozuvchilarning qissa, sheʼr, dostonlari yuzaga keldi. Mustaqillikka erishilgandan keyin demokratik oʻzgarishlar uchun kurash asosiy mavzu boʻlib qoldi.

Meʼmorligi va tasviriy sanʼati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Angola qishloqlari doira shaklida qurilgan. Turar joylari toʻgʻri burchakli (baʼzan doirasimon) shaklda, qoziq sinchlar shox-shabba bilan oʻraladi yoki loy bilan suvaladi. Yevropaliklar kelgach, shaharlar paydo boʻldi, ulardagi uylar portugalcha toifada, barokko va ilk klassitsizm shakllarida qurila boshladi. 20-asrdan yangi konstruksiyada yangi materiallardan zamonaviy binolar tiklandi. Angolada qadimdan amaliy bezak sanʼati: yogʻoch oʻymakorligi (odam va hayvon haykalchalari, mebel naqshinkorligi), hashak va somondan toʻqimalar, naqshin sopol buyumlar yasash rivojlangan.[3]

  1. 2014 population census (INE Angola)
  2. 2,0 2,1 „Angola“. International Monetary Fund. Qaraldi: 2009-yil 1-oktyabr.
  3. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil