Kontent qismiga oʻtish

Ajariya

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Ajariya, Ajariya Muxtor Respublikasi — Gruziya Respublikasi tarkibida 1921-yilning 16-iyulida tashkil topgan. Kavkazortining janubi-gʻarbida, Qora dengiz sohilida joylashgan. Maydoni 3 ming km², aholisi — 333 953 kishiga yaqin (2014). Ajariyada 5 tuman, 2 shahar, 7 shaharcha bor. Poytaxti — Batumi shahri.

Ajariya dengiz sohili past-baland, boshqa joylari togʻli. Turkiya bilan chegara boʻylab baland Shavshet togʻ tizmasi oʻtadi. Mesxeti; Arsiyan tizmalari ham bor. Ajariya hududida 500 m gacha balandlikda iqlimi subtropik, togʻlarda moʻtadil sovuq. Pasttekislikda yanvarning oʻrtacha temperaturasi 4°, 7°, iyulda 20°, 23°, tog'larda, yanvarda — 2°, iyulda 16°. Yillik yogʻin miqdori ichki vodiylarda 1000-1400 mm va sohilda 2400-2800 mm. Eng katta daryosi — Chorox; Batumi shahri yaqinida Qora dengizga quyiladi. Bu daryoning yuqori oqimi Turkiyada, uning irmogʻi — Ajarisskali Sharqdan Gʻarbga butun mamlakatni kesib oʻtadi. Foydali qazilmalari: mis va polimetall rudalar, oltingugurt kolchedani, oʻtga chidamli tuproqlar. Tuproqlari togʻlarda togʻ-oʻtloq va togʻ-oʻrmon, dengiz sohilidagi togʻ oldida qizil tuproq. Hududining 50% dan koʻprogʻi oʻrmonlar bilan qoplangan. Togʻ yon bagʻirlarida kashtan, dub, grab, archa, pixta, dengiz boʻyi da subtropik oʻsimliklar (palma, magnoliya va shu kabilar) oʻsadi. Evkalipt, bambuk ham uchraydi. Kintrishi qoʻriqxonasi bor.

Ajariya da gruzin (ajar)lar, shuningdek ruslar, armanlar, ukrainlar va boshqa yashaydi. Aholining oʻrtacha zichligi — 1 km² ga 115,2 kishi. Aholining 48% shaharlarda istiqomat qiladi. Ajarlar tili gruzin tili lahjalaridan biri hisoblanadi. Yirik shaharlari: Batumi, Kobuleti.

Miloddan avvalgi VI asrlarda Ajariya Kolxida podshohligi, soʻngra Gʻarbiy Gruziya davlati tarkibiga kirgan. XII XV asrlarda Ajariya hududi birlashgan gruzin davlatining bir qismi boʻlgan. XVI asrning 2-yarmida Gruziyaning zaiflashuvi sababli Ajariyani Turkiya bosib oldi va aholi orasida musulmon dinini tarqata boshladi. 1877-1878-yilgi Rossiya-Turkiya urushi natijasida Ajariya Rossiyaga qoʻshib olindi. XIX asrning 80-yillarida Ajariyada sanoat rivojlana boshladi. 1897-1907-yillarda Boku — Batumi neft kuvuri yotqizildi. 1918-yil aprelda Batumi, Axalsixe, Ardagan va Guriyaning bir qismini turk qoʻshinlari, dekabr da esa butun Ajariyani ingliz qoʻshinlari bosib oldi. 1920-yil iyulda ular hokimiyatni mensheviklarga top-shirdi. 1921-yil martda sovet hokimiyati oʻrnatildi. 1921-yil iyulda Gruziya SSR tarkibida Ajariya ASSR tuzildi. 1990-yil dekabrdan Ajariya Muxtor Respublikasi.

Ajariya Ajariya iqtisodiyotining asosini tashkil qiladi. Subtropik ziroatchiligi, ayniqsa sitrus mevalari yetishtirish rivojlangan. Makkajoʻxori asosiy qishloq xoʻjaligi ekini hisoblanadi. Bogʻdorchilik, tokchilik, tamakichilik katta oʻrin oladi. 1949-yildan Ajariyaning butun sohil boʻylariga choy ekila boshladi. Chorvachilik, parrandachilik, pillachilik, asalarichilik, sohilda baliqchilik bilan shugʻullaniladi. Sano-at korxonalarining aksariyati Batumi shahrida joylashgan. Shaharning koʻpchilik aholisi portda va Qora dengizning sharqiy sohilidagi neftni qayta ishlash zavodida ishlaydi. Ajariyada mashinasozlik, kemasozlik, taxta tilish, yogʻochsozlik, faner va mebel fabrikalari, oziq-ovqat va yengil sanoat korxonalari, bir necha yirik choy fabrikasi bor. Batumi kofein zavodi mashhur. Elektr energiyaning yagona mahalliy man-bai Ajarisskali GESi, shuningdek bir necha issiqlik elektr stansiyalaridir. Ajariya hududidan Batumi — Boku temir yoʻl. Batumi — Samtredia, Batumi — Axalsixe avto-mobil yoʻli oʻtadi. Asosiy dengiz porti — Batumi sh. Ajariyada Batumi, Maxinjauri, Sihisdziri, Beshumi, Kobuleti, Yashil Burun kurortlari bor. Ajariya chetga neft mahsulotlari, yangi va konservalangan sitrus mevalar, choy, hoʻl meva, uzum, tung va efir moylari, tamaki mahsulotlari, choy va vino sanoati uchun asbob-uskuna, faner, mebel chiqaradi. Chetdan metall, asbob-uskuna, qurilish materiallari, un, toʻqimachilik mahsulotlari oladi.

Ajariyada barcha turdagi umumiy taʼlim maktablarida 65 mingdan ortiq oʻquvchi oʻqiydi. Oʻrta maxsus oʻquv yurtlari, Batumi dengizchilik akademiyasi, Batumi universiteti, Batumi politexnika instituti, akvarium, delfinariy, ilmiy tadqiqot muassasalari, botanika bogʻi, ommaviy kutubxonalar, klub muassasalari, kino qurilmalar bor. Gruzin va rus tillarida gaz. chiqadi. Radioeshittirishi va retranslyatsiya telekoʻrsatuvi mavjud. Ajariya adabiyoti — gruzin adabiyotining tar-kibiy qismi. Yozuvchilardan M. Varshanidze, 3. Gorgiladze, P. Loriya, N. Malazoniya, Sh. Rokva, P. Rurua, F. Xalva-shi, G. Salukvadze, Ajariya Shervashidze va boshqa uni rivojlantirishga oʻz hissalarini qoʻshganlar. Ajariya meʼmorlik obidalari: Goniadagi qal’a, Vizantiya davridan qolgan Sihisdziridagi Petr qal’a-shahri (6-asr da asos solingan), Tamarissixe qal’asi, Sxaltdagi ibodatxona (13-asr), Maxunseti, Dandalo, Saputkretidagi bir arkali koʻpriklar va boshqa Ajariyada qadimdan amaliy bezak sanʼati (yogʻoch oʻymakorligi, zarb qilish, kashtachilik) rivojlangan. Keyingi yillarda professional sanʼat oʻsdi (rassomlar Sh. Xoluashvili, S. Artmeladze, X. Inaishvili; haykaltaroshlar T. Chanturia, M. Bolkvadze va boshqalar). Batumida Davlat qoʻshiq va raqs ansambli, xalq ijodi uyi, musiqa xoreografiya jamiyati bor. 1937-yildan Batumida I. Chavchavadze nomidagi teatr ishlab turibdi. Teatrdagi Yu. Kobaladze, Ajariya Mgeladze, N. Tetradze kabi mashhur artistlarning ijodi diqqatga sazovor. 1980-yildan qoʻgʻirchoq teatri, 1993-yildan opera teatri ishlaydi. Batumi shahridagi oʻlkashunoslik muzeyida Ajariya aholisi etnografiyasiga oid buyum va ashyolar mavjud.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil.