Voizlik sanʼati
Voizlik sanʼati - jamoat oldida nutq soʻzlash, notiqlik sanʼati; ilmiy-siyosiy maʼruza, bahs, munozara, targʻibot va tashviqotning asosiy vositasi sifatida keng ijtimoiy mavqega ega boʻlgan sanʼat. Yunonistonda voizlik ritorika deyilgan. Qadimda Sharq mamlakatlarida hukmdor shaxsan oʻzi jamoat oldiga chiqib, oʻz siyosati, xalqaro ahvol va b. haqida nutq soʻzlagan. El oldiga chiqish, ayniqsa juma namozi, hayit, navroʻz kunlari va b.da, mamlakatlararo urush boshlangandagi yigʻinlarda odat tusiga kirgan. 9-asrga kelib, bu muhim ishni xushovoz, taʼsirchan gapiradigan, ishontira oladigan maxsus kishilar — voizlarga topshirganlar. Shunday qilib, V. s. shakllangan. Rivoji jarayonida dabirlik (davlat ahamiyatidagi yozishmalarni insho etish va oʻqib berish), xatiblik (diniy, siyosiy mayldagi notiqlik), muzakkirlik (diniy-axloqiy masalalarni sharhlab berish) kabi tarmoqlari vujudga kelgan. V. s. ning nutq matnlari, tinglovchilarning bilimi, ijtimoiy mavqei va b. xususiyatlarga koʻra turli maqom (qism) larga boʻlingan: sultoniyot (yuqori tabaqa uchun), xutubu jihodiya (jangovar nutqlar), gʻaribona maqom (oddiy xalq uchun) va b. V. s. ijtimoiy va badiiy jihatdan muhimligi tufayli asrlar davomida rivojlana bordi. Oʻrta asrlarda V. s. ning nazariyasi va talqin uslublarini yorituvchi ilmiy, uslubiy va xrestomatik asarlar yaratildi. V. s. ni oʻrgatuvchi maxsus soha — kalom ilmi, balogʻa ilmi yuzaga keldi. V. s. oʻtmishda katta ijtimoiy qudrat kasb etgan, hozirgi notiqlik sanʼati rivojida muhim rol oʻynagan.
Sotimxon Inomxoʻjayev.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |