Karikatura
Bu maqolada ichki havolalar juda kam. |
Karikatura (italyancha: caricare — „boʻrttirish“) deb satirik yoki hajviy tasviriy sanʼatga aytiladi. Satirik karikaturada ijtimoiy, siyosiy va boshqa muammolar fosh etiladi, korrupsiyaga berilganlar tanqid qilinadi. Hajviy karikatura esa biror kimsani tanqid qilmay, shunchaki kundalik mavzularni kulgili yoritadi.
Karikatura aniq ijtimoiy tanqidiy yoʻnalishga ega boʻlgan tasviriy sanʼat turi, grafika sohasi (rangtasvir va haykaltaroshlikda juda kam qoʻllanadi), hajv va kulgili qilib ishlangan rasm hisoblanadi. Tasvirda kulgili holat real va fantastik voqealar bilan yoʻgʻrilgan holda yaratiladi, harakterning oʻziga xos tomonlari boʻrttirilib, achchiq kulgi tugʻdiradigan qilib tasvirlanadi. Tasvirdagi maʼnoni izohlash va tasvirning taʼsirchanligini oshirish maqsadida karikaturaga matn (baʼzan sheʼr) ilova qilinadi.
karikatura xususiyatlari qadimgi davr sanʼati (Qadimgi Misr tasvirlari, Yunoniston vaza bezaklari, Qadimgi Rim freskalari) da, yapon va hind miniatyuralarida uchraydi. Ayniqsa, Uygʻonish davrida karikatura keng rivoj topdi (mas, Leonardo da Vinchi rasmlari). Karikatura janr sifatida jamiyatda yuzaga kelgan keskin ijtimoiy qaramaqarshiliklarni fosh etish zaminida shakllangan (U. Xogart, F.Goyya, O.Domye va b.ning karikaturalari).
Yevropa karikaturasi xususiyatlari ilk bor ingliz tasviriy sanʼatida shakllandi; karikatura uchun xos boʻlgan davrning ijtimoiy va davlat hayotidagi xalqaro siyosiy voqealarga hozirjavobligi namoyon boʻldi (mas, fransuzlarning inqilobiy, ruslarning Napoleonga bagʻishlangan xalq hajviy rasmlari). 19—20-asrlar chegarasida ijtimoiy kurashning avj olishi gaz. va jurnal grafikasi karikatura ni rivojlanishini, shuningdek, professional gaz. karikaturachilarining paydo boʻlishini taʼminladi, ular orasida mashhur yirik rassomlar ham bor edi.
20-asrda karikatura ijtimoiy kuchlar munosabatlaridagi murakkabliklarni aks ettirdi; Ikkinchi jahon urushi yillari u fashizmga qarshi kurashda muhim rol oʻynadi („TASS oynasi“, „Uz TAG oynasi“, plakatlar, varaqalar, front gazetalari va b.), koʻplab rassomlar shuhrat qozondi. Maxsus satirik nashrlar, kundalik gazetalar karikatura taraqqiyotiga va ommaviylashuviga keng imkoniyatlar yaratadi. Jahon karikaturami rassomlari (X. Bidstrup, Daniya; S. Venev, Bolgariya; Kukrinikslar, Rossiya va b.) tinchlikni saqlash va uni himoya qilish mavzuida karikatura namunalarini yaratishdi.
Oʻzbekistonda satirik jurnallar (ayniqsa, Mushtum jurnali[1]) nashri karikatura janri taraqqiyotiga zamin yaratdi. Ustaa Moʻmin, D. Sinitskiy, A. Osheyko, L. Abdullayev, Telman Muhamedov, Narimon Ibrohimov, Alijon Xoliqov, Emil Roʻziboyev, Surʼat Salohitdinov, Husan Sodiqov va boshqalar rassomlarning karikaturalari, „Oʻzbekiston“ nashriyotining „Jangovar qalam“ plakatlar turkumlari hayotda uchrab turadigan illatlar (poraxoʻrlik, ichkilikbozlik, xoʻjasizlik, yulgʻuchlik va b.)ga qarshi kurashda, ularni fosh etishda muhim ahamiyatga ega boʻldi. Mustaqillik davrida karikatura boqimandachilik, giyohvandlik, qalloblik, aqidaparastlik kabilarni fosh etishda dolzarb ahamiyat kasb etmokda[2].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Oʻzbekistonlik karikaturachiga „tish qayraganlar“ karikaturani „oʻzbeklar uchun yangilikka“ aylantirishdi (Wayback Machine saytida 2013-09-30 sanasida arxivlangan), kun.uz
- ↑ OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Havolalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Uzbekistan Illustrated, oʻzbek karikaturasi Facebook guruhi
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |